BMT MAXSUS MAʼRUZACHISI O‘ZBEKISTONGA TASHRIFI BO‘YICHA MAʼRUZASINI TAQDIM QILDI
TOSHKENT, 13- iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun, 13 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Jenevada (Shveysariya) bo‘lib o‘tayotgan 44-sessiyasi doirasida BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalasi bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning 2019-yil 19-25- sentyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga doir maʼruzasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi manbasiga asoslanib.
BMTga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalarining bevosita ishtirokisiz o‘tayotgan Inson huquqlari kengashining ushbu sessiyasi ishida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham videokonferensaloqa rejimda ishtirok etdi.
Sessiyada BMT Maxsus maʼruzachisining mamlakatimizga tashrifi yakunlari yuzasidan taklif etilgan tavsiyalar asosida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida O‘zbekiston delegatsiyasining sharhlari ham tinglandi.
BMT Maxsus maʼruzachisi o‘z maʼruzasida O‘zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalarni alohida taʼkidladi.
Xalqaro hamjamiyat eʼtibori, avvalambor, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda davlat institutlari va siyosatni isloh etish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqilganiga qaratildi. Hozirgi davrda odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan islohot ana shu dasturning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
Diyego Garsiya-Sayan Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z lavozimini bajarishga kirishgan paytidan boshlab amalga oshirgan muhim ishlar qatorida, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning o‘z kasbiy faoliyatini yana-da erkin bajarishini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning muayyan amaliy natijalarini sanab o‘tdi.
Xususan, O‘zbekistonda sud hokimiyati va sudlar xizmatini tashqi siyosiy bosimlardan muhofaza qilish borasida keng vakolatlarga ega bo‘lgan konstitutsiyaviy organ sifatida Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgan.
Maʼmuriy ishlar bo‘yicha sudlarning yangi tizimi yaratilgan. Adliya vazirligi zimmasidagi sudlar faoliyatining maʼmuriy jihatlari bilan bog‘liq ayrim maʼmuriy va texnik funksiyalar Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini taʼminlash bo‘yicha departament ixtiyoriga berilgan.
Mamlakatda prokurorlarga nisbatan munosabatda sudyalar mustaqilligining o‘ziga xos ko‘rsatkichi sifatida, jinoyat ishlari bo‘yicha oqlov hukmlari miqdori ortib bormoqda. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni saralash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etilgan. Sudyalar almashtirilmasligi kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilgan.
Sudyalarni birlamchi va uzluksiz tayyorlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan, jumladan, Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi ochilgan. Sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda eʼlon qilib borilmoqda. Odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu boradagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosat sohasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilgan. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan va bunday choralarni amalga oshirish uchun taʼsirchan mexanizmlar yaratilgan.
BMT Maxsus maʼruzachisining fikricha, ushbu amaliy chora-tadbirlarni tom maʼnoda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yo‘lidagi dastlabki qadamlar deb hisoblash lozim. Sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil bo‘lishiga erishish hamda sudyalar, prokurorlar va advokatlar o‘z kasbiy faoliyatini hech qanday asossiz aralashuvlar va bosimlarsiz amalga oshirishlarini taʼminlash uchun hali juda ko‘p ishlar qilish kerak bo‘ladi.
D. Garsiya-Sayan maʼruzasi yakunida O‘zbekistonda sudyalar va prokurorlar mustaqilligini yana-da mustahkamlash hamda huquqshunoslar o‘z kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar ham berdi. Xususan, mamlakatimiz sud-huquq tizimini takomillashtirish istiqbollariga taalluqli quyidagi tavsiyalar taqdim etildi:
– sud-huquq tizimidagi islohotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishni davom ettirish, xususan, xalqaro huquq normalarining milliy huquq normalaridan ustunligini konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo‘yish;
– sudlar faoliyatiga boshqa hech qanday organlarning aralashmasligiga erishish, yaʼni sud hokimiyatining tom maʼnodagi mustaqilligini taʼminlash;
– Sudyalar oliy kengashining mustaqilligini mustahkamlash va vakolatlarini kengaytirish, uni shakllantirish tartibini yana-da mukammallashtirish;
– sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralash tartib-taomillarini takomillashtirish;
– sudyalarning vakolat muddatlarini qayta ko‘rib chiqish;
– sud tizimida gender tenglikni, yaʼni ayol sudyalar ham teng asosda ishlashini taʼminlash;
– prokuratura organlarining vakolatlarini cheklash;
– advokatlarning maqomi va mustaqilligini mustahkamlash;
– odil sudlov imkoniyatlari va malakali yuridik yordamdan barchaning, jumladan, nogironlarning ham erkin foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Maxsus maʼruzachisining maʼruzasida qayd etilgan tavsiyalarning aksariyati mamlakatimiz tomonidan o‘tgan qisqa davrda bajarilgan. Ayni vaqtda ushbu tavsiyalarning qolgan qismi izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 30- iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz sud-huquq tizimining navbatdagi bosqichi uchun belgilab bergan yangi vazifalarning mohiyati ham BMT Maxsus maʼruzachisining bu boradagi fikrlari, umuman, BMT Inson huquqlari kengashining 44-sessiyasida bildirilgan tavsiyalar bilan uyg‘un va hamohangdir.