O‘ZBEKISTON PREZIDENTI FARMATSEVTIKA VA ELEKTR TEXNIKASI SANOATINI RIVOJLANTIRISH, ULARNING IQTISODIYOTDAGI ULUSHINI OSHIRISH, SHUNINGDEK, PANDEMIYA SHAROITIDA USHBU SOHALARNING BARQAROR ISHLASHINI TAʼMINLASH BO‘YICHA ANIQ VAZIFALAR QO‘YDI
TOSHKENT, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni videoaloqa orqali neft-gaz kimyosi, elektr texnikasi va farmatsevtika sanoatidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda ushbu tarmoqlarni rivojlantirish ishlari bo‘yicha hisobоtlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabarida qayd etilganidek, dunyoni qamrab olgan pandemiya jahon iqtisodiyotiga jiddiy salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan bugungi sharoitda mamlakatimizda sanoatni barqaror rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, ularni monetizatsiya qilish yo‘lidan bormoqda. Yaʼni, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, iqtisodiy samaradorlikni oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Taqdimotda neft va gaz kimyosi tarmog‘idagi ana shunday yangi loyihalar bo‘yicha maʼlumot berildi.
O‘tgan yili 28-dekabrda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda uning 2-bosqichi loyihalashtirilmoqda. Ushbu loyiha qiymati 440 million dollar atrofida bo‘lishi mo‘ljallanyapti. 650 kishi ish bilan taʼminlanishi, yiliga 132 million dollarlik mahsulot tayyorlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida katta hajmdagi tabiiy gaz tejaladi.
25 million dollarlik navbatdagi loyiha vodorod peroksidi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Tozalash-dezinfeksiyalash xususiyatiga ega bu modda farmatsevtika, tibbiyot, to‘qimachilik va maishiy hayotda keng qo‘llaniladi. Loyiha natijasida 50 ta ish o‘rni yaratilib, yiliga qariyb 20 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Ushbu korxonani 2021-yil sentabrda Navoiy viloyatida ishga tushirish rejalashtirilgan.
“Navoiyazot” AJda qiymati 18 million dollardan ziyod bo‘lgan yana bir loyiha – karbamid formaldegid konsentrati ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Joriy yil mart oyida mazkur korxona qurilishi boshlangan, uni kelgusi yil martda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan. Bu yerda yiliga 9 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarilib, 1 million dollarlik eksport qilinadi, 50 ta ish joyi ochiladi.
Qiymati 12 million dollar bo‘lgan karboksimetilsellyuloza asosida reagentlar ishlab chiqarish loyihasi qurilish, burg‘ulash, oziq-ovqat sanoati va tibbiyot uchun muhim ahamiyatga ega. Shu yil mart oyida Yuqori Chirchiq tumanida uning birinchi bosqichi ishga tushirilgan. 2023-yilgacha barcha to‘rt bosqich amalga oshirilgach, import o‘rnini bosuvchi 9 million dollarlik, eksportga yo‘naltiriladigan 13 million dollarlik mahsulot tayyorlanadi. 100 ta ish o‘rni tashkil etiladi.
Ko‘pikli polipropilen ishlab chiqarish loyihasining qiymati 5 million dollar bo‘lib, uning natijasida 40 ta ish o‘rni yaratiladi, 8 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtiriladi. Bu mahsulotlar issiqlik saqlovchi qutilar, xavfsizlik shlemlari, avtomobil o‘rindiqlari, o‘yinchoqlar va boshqa buyumlar tayyorlashda qo‘l keladi. Ushbu korxonani 2021-yil avgustda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur loyihalar taqdimoti bilan tanishib, ularni jadallashtirish va sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tizimdagi ishlarni davom ettirib, qurilish, avtomobilsozlik, farmatsevtika sohalarida talab yuqori sintetik tolalar, poliefir smola, polimerlar, aromatik uglevodorodlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining birinchi yarim yillikdagi faoliyati yakunlari ham muhokama qilindi.
Karantin davrida ham tizimdagi barcha korxonalarda uzluksiz ishlashga shart-sharoit yaratildi. Natijada olti oylik rejalar bajarilib, qo‘shimcha 1 milliard kub metr tabiiy gaz, qariyb 22 ming tonna kondensat va 1,2 ming tonna neft qazib chiqarishga erishilgan. 11 ta loyiha bo‘yicha jami 846,5 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilgan.
Prezidentimiz ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirib, importni qisqartirish, sohaga raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.