SARDOR UMURZOQOV BOSHCHILIGIDAGI RESPUBLIKA ISHCHI GURUHI SURXONDARYO VILOYATIDA INVESTITSIYALAR VA TASHQI SAVDO HOLATINI O‘RGANDI
TERMIZ, 18-iyul. “Dunyo” AA/. 17- iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzaqov boshchiligidagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruh investitsiya va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirilishini monitoring qilish, hududda iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash, shuningdek, tadbirkorlar va eksportchilarning mavjud muammolarini o‘rganib, tezkor hal qilish maqsadida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Ishchi guruh aʼzolari joylardagi korxonalarga borib, tadbirkorlar va eksportchilar faoliyatini, shuningdek, mintaqa infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha ishlarning borishini o‘rgandi.
Safar davomida mintaqaviy rivojlanish dasturining tahlili o‘tkazildi. Uning doirasida 2020-2021 yillarda viloyatda 22,2 trillion so‘mlik 1 ming 449 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, umumiy qiymati 6,7 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 57 ta loyiha doirasida barpo etilayotgan ishlab chiqarish obyektlari 2021 yil 1 iyuldan kechikmay foydalanishga topshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm viloyatning istiqbolli sohalari hisoblanadi. Tahlil natijasida Surxondaryo viloyatining Uzun, Muzrabоt, Boysun, Angora va Sherobod tumanlarida investitsiyalarni jalb qilish ko‘rsatkichlarining pastligi aniqlandi. Shu munosabat bilan tijorat banklari rahbarlariga tegishli mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari va xususiy tashabbuskorlar bilan birgalikda ushbu tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish surʼatlarini oshirishga imkon beradigan qo‘shimcha investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Hudud iqtisodiy rivojlanishining drayveriga aylanishi mumkin bo‘lgan istiqbolli tarmoqlar alohida ko‘rib chiqildi. Xususan, viloyatning bog‘dorchilik va uzumchilik sektori katta salohiyatga ega. O‘rganishlar davomida viloyatda jami 0,6 ming gektar maydonda samarasiz foydalanilayotgan bog‘lar va uzumzorlar mavjudligi aniqlandi. Ushbu hududlarni optimallashtirish va yangi bog‘dorchilik korxonalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Ular hisobiga 1,1 ming gektardan ortiq bog‘lar va uzumzorlar hamda 3 ming gektar maydonda anorzorlar barpo etiladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 103 ta tashabbuskor aniqlanib, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, masʼul rahbarlarga yangi bog‘lar va uzumzorlar yaratish uchun 3,5 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida ushbu yo‘nalishda yangi loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ish olib borish topshirildi. Bundan tashqari, viloyatda 2021 yil oxiriga qadar meva yetishtirish hajmining 30 foizga o‘sish prognozini hisobga olgan holda mahsulotni qayta ishlash darajasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
To‘qimachilik va trikotaj sanoatida umumiy qiymati 169 million dollarga teng 55 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirildi. Bu esa 5,2 ming yangi ish o‘rni yaratishga imkon beradi. Ushbu yo‘nalishda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali taniqli brendlar ostida tayyor mahsulot ishlab chiqarishga eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqada mavjud bo‘lgan ohaktosh, marmar, granit, dolomit, travertin va boshqa qazilmalarning zahiralarini hisobga olgan holda, umumiy qiymati 297,6 million dollarlik qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 166 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.
Mintaqaviy rivojlantirish dasturi doirasida ustuvor tarmoqlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan tarmoq birlashmalari rahbarlariga Surxondaryo viloyati uchun elektrotexnika, charm-poyabzal, to‘qimachilik, farmatsevtika sohalarida hamda qurilish materiallari sanoatida istiqbolli loyihalarni o‘z ichiga olgan mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Viloyatning qulay geografik joylashuvini, yaʼni Afg‘oniston bilan chegaradoshligini hisobga olgan holda, ishlab chiqilayotgan loyihalar salmoqli eksport salohiyatiga ega bo‘lishi va tashqi bozorlarning talab va ehtiyojlariga mos kelishi lozimligi taʼkidlandi.
Ishchi guruh rahbariyati “Ayritom” chegara majmuasi hududiga tashrif buyurib, mavjud infratuzilma va taqdim etilayotgan bojxona va logistika xizmatlari turlarini o‘rganib chiqdi. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarning ehtiyojlarini to‘la va sifatli qondirish uchun bojxona nazorat punkti faoliyatini yana-da takomillashtirishning ustuvor choralari belgilandi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Afg‘oniston yo‘nalishida yuk tashishni yana-da faollashtirish va O‘zbekiston-Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi iqtisodiy salohiyatidan maksimal darajada foydalanish maqsadida uning hududida tayyor to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yirik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda tegishli idoralar rahbarlariga zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortib kelish va yo‘llarni barpo etish ishlarini ham tezkor ravishda amalga oshirish topshirildi.
Tashrif davomida aholini ish bilan taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, hunarmandchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat va zargarlik sohalarida ishga solinmagan imkoniyatlar qayd etildi.
Shuningdek, viloyatda 622,8 million dollarni tashkil etuvchi 13 ta infratuzilma loyihalarining, jumladan, 419,4 million dollar miqdoridagi Surxondaryo viloyati suv taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish loyihalarni amalga oshirish vazifalari tahlil etildi. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan shahar va viloyat markazlarida kanalizatsiya tizimlarini qurish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirishining borishi o‘rganildi. Bundan tashqari, 805 million dollar miqdoridagi avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha 9 ta loyihani, jumladan, “Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo‘li, shuningdek, M39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining uchastkalarini qayta taʼmirlash loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. O‘rganish natijasida mavjud masalalarni hal etish va ushbu loyihalar amalga oshirilishini jadallashtirish yuzasidan maqsadli ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatga amalga oshirilgan ishchi tashrif yakunida masʼul rahbarlar biriktirilgan va topshiriqlar muddatlari aniq belgilangan holda investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatni kuchaytirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, tadbirkor va eksportchilarga maqsadli yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq vazifalar rejalashtirildi.