QASHQADARYO VILOYATINING IQTISODIY O‘SISH NUQTALARI BELGILAB OLINDI
TOSHKENT, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rahbarligidagi vazirlik va idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruh investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini o‘rganish, viloyatda iqtisodiy o‘sish “drayverlari”ni aniqlash, shuningdek, tadbirkorlar va eksportyorlar duch kelayotgan muammolarni hal etish uchun Qashqadaryo viloyatiga safar qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Safar davomida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan loyihalar chuqur tahlil qilindi, tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish orqali kredit mablag‘lari, yer, bo‘sh bino va inshootlar ajratilishi, kommunal tizimlarga ulanish va boshqa omillar bilan bog‘liq muammoli masalalar aniqlandi. Ushbu masalalar yechish tegishli davlat tuzilmalari va tijorat banklari rahbarlari zimmasiga yuklatildi. Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida viloyat tuman va shaharlarining resurs salohiyati, infratuzilmasini o‘rganish ishlari tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan hududiy dasturi atroflicha qayta ko‘rib chiqildi. Dasturga umumiy qiymati 6,1 trillion so‘mlik 1 ming 321 ta loyiha kiritilgan. Shu bilan birga, 2021 yilning 1 aprelidan kechiktirmay 2,0 trillion so‘mlik 793 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ishchi guruh aʼzolariga yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish va viloyatning iqtisodiy o‘sish nuqtalaridan to‘liq foydalanish vazifasi topshirildi.
Dehqonobod, Kasbi, Qamashi, Muborak va Shahrisabz tumanlarida investitsiya jalb qilish darajasining yetarli emasligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tegishli vazirlik, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga yangi loyihalarni amalga oshirish jadvallarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash yuklandi. Shuningdek, Chiroqchi va Mirishkor tumanlari iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun qo‘shimcha yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Ushbu loyihalarni baholash va tasdiqlashning asosiy mezoni – qisqa muddatda ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish, yangi ish o‘rni yaratish va eksport salohiyatini oshirishdan iborat bo‘lgan iqtisodiy natijalarga erishish imkoni hisoblanadi.
Viloyatda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish borasidagi ishlarning borishi ham tahlil etildi. Hozirgi kunga kelib, 51 ming 391 oila qo‘llab-quvvatlash va doimiy daromad manbaiga muhtojligi aniqlangan. Idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga bu borada rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish topshirildi.
Safar davomida “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning borishi o‘rganildi. Uning hududida umumiy qiymati 26 million dollarlik ikkita pilot investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu erkin iqtisodiy zonasining muhim iqtisodiy salohiyatini hisobga olgan holda, tashabbuskorlari va moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lgan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, infratuzilma holatini o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, tegishli idoralar rahbarlariga zarur kommunal-muhandislik tizimlari, jumladan, elektr va gaz tarmoqlari, optik tolali aloqa kabellarini o‘tkazish, avtomobil yo‘llarini barpo etish masalalarini tezkorlik bilan hal etish topshirildi. Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi kichik sanoat zonalari hududlarida yangi loyihalarni ishlab chiqish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududni kompleks tahlil etish natijasida qishloq xo‘jaligi sohasini salmoqli rivojlanish salohiyati borligini ko‘rsatdi. 2020-2021-yillarda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida “Issiqxona shaharchasi”ni tashkil etishni o‘z ichiga olgan umumiy maydoni 400 gektar bo‘lgan issiqxonalar, shuningdek, Qamashi va Kasbi tumanlarida qator yuqori texnologiyali issiqxonalar barpo etilishi rejalashtirgan. Shu munosabat bilan mazkur loyihalarning tashabbuskorlariga har tomonlama ko‘mak berish, Kitob, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlari hududida umumiy maydoni 3,5 ming gektar bo‘lgan tokzorlar yaratishda qo‘shimcha loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatda chorvachilik sohasi ham yuqori salohiyatga ega, shu bois sohani yana-da rivojlantirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish, qo‘shilgan qiymatni oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish istiqbollariga eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan mutasaddi rahbarlarga viloyatda ozuqa bazasini rivojlantirish, sut va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi klasterlarni yaratish, charmni qayta ishlash va tayyor charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan texnologik korxonalarni ishga tushirish maqsadida tashabbuskorlarni aniqlash va loyihalarni ishlab chiqish topshirildi. Bunga mavjud ishlab chiqarish obyektlarini zamonaviylashtirish va yangi quvvatlarni barpo etish yo‘li orqali erishish mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, hududda qurilish materiallari mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun noruda xomashyo mahsulotlari, shu jumladan ohaktosh, granit, marmar, dolomit, keramzit, bentonit, gips va kvars kabi konlarning mavjud zaxiralarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, pardozbop materiallar ishlab chiqarish uchun yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Hudud iqtisodiy rivojlanishining yana bir istiqbolli sohasi to‘qimachilik sanoati hisoblanadi. 2019-yilning oxiriga kelib viloyatda paxtani qayta ishlash darajasi atigi 41 foizni tashkil etdi, bu esa yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish uchun iqtisodiy asos hisoblanadi. Masʼul rahbarlarga yangi quvvatlarni ishga tushirish va mavjud korxonalarni yangilash hisobiga yetishtiriladigan paxtani qayta ishlash darajasini 100 foizga yetkazish, ip-kalavadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish darajasini 60 foizgacha oshirish vazifasi topshirildi.
Ushbu vazifalarni bajarish uchun istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda xorijda yashab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimizning tajriba va salohiyatidan faol foydalanish tavsiya etildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida “Loyiha fabrikasi”ni tashkil etishni tezlashtirish kerakligi bildirildi.
Tashrif natijasida mutasaddi rahbarlarga investitsiya faoliyatini kuchaytirish, infratuzilmani zamonaviylashtirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatmalar berildi. Bosh prokuratura yuqorida qayd etilgan ko‘rsatmalarning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borishi taʼkidlandi.