O‘ZBEKISTON PREZIDENTI BUGUN ERTA TONGDA MAJLIS O‘TKAZDI, UNDA PANDEMIYAGA QARSHI KURASHISH JARAYONI TANQIDIY TAHLIL QILINDI, ISHLARNI YANGICHA TASHKIL ETISH VAZIFASI BELGILANDI
TOSHKENT, 20 iyul. /«Dunyo» AA/. Yangi haftaning birinchi ish kunini erta tongdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning chuqur tanqidiy tahlilidan boshladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar davlatimiz rahbari raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.
Tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Prezidentimiz pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotganini aytdi. Jumladan, oxirgi to‘rt kunda mamlakat bo‘yicha yangi aniqlangan 2 136 nafar bemorning 1 218 tasi (ya’ni 57 foizi) poytaxtimiz va Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi.
Koronavirusga shubha bo‘lgan barcha bemorlarni infeksiya mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, zotiljam va nafas yetishmovchiligining klinik belgilari mavjudligiga asoslangan holda davolash muassasalariga qabul qilinishi belgilandi.
Toshkent shahrida mavjud 16 ta klinikaga qo‘shimcha COVID-19ga shubhali bemorlar uchun mo‘ljallangan yana 7 ta 850 o‘rinli “provizor” klinikalar tashkil qilindi. Ushbu klinikalarning tibbiyot xodimlariga har bir ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq to‘lash masalasi hal qilindi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bugundan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan har bir maxsus shifoxonada alohida tijorat bankining kassalari tashkil qilinib, shifokorlarning 14 kunlik ish xaqini joyida olish tizimi joriy etiladi.
Koronavirusli bemorlar uchun ajratilgan shifoxonalarga qo‘shimcha 285 dona o‘pka sun’iy ventilyatsiyasi apparati, 155 dona o‘pkani yordamchi nafas oldirish uskunasi, 140 dona kislorod konsentratori, 200 ta funksional yotoqlar bilan ta’minlandi, deya qayd etildi yig‘ilishda.
“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida ushbu virusga shubhali bo‘lgan bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatuvchi 500 o‘rinli Taqsimlovchi markaz tashkil qilinmoqda.
Xususiy klinikalarga ham bunday bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga ruxsat berildi va hozirda ularning ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tuman bo‘limlariga koronavirusga PSR-analizi olishga va tahlil javobini Respublika agentligiga yubormasdan, bevosita bemorlarga topshirish tartibi o‘rnatildi va bu orqali tahlil javoblarini kutish davri qisqaradi.
Toshkent shahri tez tibbiy yordam stansiyasida operatorlarning mehnat sharoiti yaxshilandi va bir smenada faoliyat olib borayotgan operatorlar soni 40 tadan 100 nafarga yetkazildi. Stansiyaga qo‘shimcha elektr tarmog‘i ulandi, brigadalar soni 250 tagacha ko‘paytirildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati tez tibbiy yordam xizmati uchun jami 100 ta “Damas” ambulans mashinasi ajratildi, shulardan 25 tasi joylarga tarqatildi.
Poytaxt viloyatida koronavirus kasalligi gumonlangan shaxslarni davolash va nazoratini olib borish uchun 905 shifo o‘rin, diagnozi tasdiqlanganlar uchun 210 o‘rinli statsionar shifoxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda va qo‘shimcha 350 zaxira o‘rin tayyorlab qo‘yildi.
“O‘ztelekom” korxonasi tomonidan uyali telefon apparatlari tarqatilmoqda.
Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash jarayoni uchun 49 xil turdagi dori vositalari zaxirasi uchun dastlabki 10 milliard so‘m pul ajratilishi rejalashtirildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanidek, 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirildi, murojaatlarning asosiy qismi kelib tushadigan vaqt oralig‘ida (soat 18:00 dan 24:00 gacha) eng tajribali operatorlar xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, pandemiyani jilovlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar joylarda tizimli yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini, ya’ni oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmagan.
Toshkent shahridagi 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy poliklinikaning har birida 50 dan 200 nafargacha tibbiyot xodimi mavjud bo‘lsa-da, ularning aksariyati kunning faqat birinchi yarmida bemorlarni qabul qilishadi.
Har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasining yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish uchun shakllantirilgan 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan bo‘lishi kerak, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yo‘q.
Deyarli barcha poliklinikalarda rentgen-diagnostika kabinetlari mavjud, lekin ularning imkoniyatlaridan umuman foydalanilmayapti.
Agar ushbu poliklinikalar aholini samarali patronaj xizmatini amalga oshirsa, tabiiyki, 103 raqamli tez tibbiy yordamga bosim qisqaradi va aholi orasida sarosima yuzaga kelishining oldi olinadi.
Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va Sog‘liqni saqlash vazirligiga poytaxtdagi 75 ta poliklinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ortiq shifokor va hamshirani infeksiyaning yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berildi.
Shuningdek ushbu faoliyatga jalb qilinayotgan shifokor va hamshiralar mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Undan tashqari, pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortadi. Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shaxar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan “provizor” shifoxonalarida 1 000 dan ortiq kislorod o‘tkazadigan nuqtalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Toshkent shahri xokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi o‘z hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas’ulligi belgilandi.
Chet davlatlarda o‘pka yallig‘langan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qo‘liga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda. Bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatimizga yetkazish topshirig‘i berildi.
Buning uchun, agar kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozimligi qayd etildi.
Bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmon vositalari zaxiralarini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda Toshkent shahri va Toshkent viloyati xokiliklari tegishlicha 20 milliard va 10 milliard so‘m mablag‘larni “Dori-darmon” aksionerlik kompaniyasiga aylanma mablag‘ sifatida ajratishi belgilandi.
Koronavirusni davolaymiz deb, deyarli barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari to‘ldirib tashlandi, dedi davlatimiz rahbari. Natijada surunkali kasalligi bor bemorlar malakali tibbiy xizmatdan deyarli mahrum bo‘ldi.
Mutasaddilarga surunkali kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalardagi koronavirusga chalingan bemorlarni boshqa joylarga, shu jumladan xususiy klinikalarga ko‘chirish orqali surunkali xastaligi bor bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini qayta tiklash choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi.
Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yanada oshib borishi hech gap emas, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Shu munosabat bilan qisqa muddatlarda ushbu kasallikka chalinganlarni davolash uchun yaratilgan qo‘shimcha o‘rin-joylar sonini, birinchi navbatda oliygohlar yotoqxonalari, yopiq sport maydonlari va boshqa sig‘imi katta bino-inshootlar hisobiga, kamida ikki-uch barobarga oshirilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini jilovlash va har bir rahbarning mas’uliyatini oshirish, fidokorlik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish ishlari davom ettiriladi.
Kasallik o‘chog‘ida o‘z jonini garovga tikib har bir kasalni o‘lim yoqasidan olib chiqayotgan shifokorlarimizni davlat mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar kiritish topshirig‘i berildi.
Prezidentimiz qayd etganidek, bugungi kunda respublika va mahalliy byudjetlardan moliyalashtiriladigan har qanday xarajat ustuvor ravishda pandemiyaga qarshi kurash tadbirlariga qaratilishi shart. Bundan muhim xarajatlar bo‘lishi mumkin emas.
Shahar va tuman hokimlari 24 soat davomida har bir kasalxonadagi vaziyatni jilovlab turishga mas’ul hisoblanadi hamda ularni uzluksiz va muammosiz ishlashiga sharoit yaratib berishiga javobgar, deb belgilandi.
Shuningdek, yangi xarid qilinayotgan tez tibbiy yordam avtomobillari faoliyati uzluksizligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotning turli sohalaridan, birinchi navbatda, faoliyati to‘xtatilishi oqibatida daromadsiz qolgan yo‘lovchi tashuvchi jamoat transporti uyushmalarining malakali haydovchilari jalb etilishi yuzasidan vazifalar qo‘yildi.
Barcha sektor rahbarlari ish kunini ertalabdan o‘z hududlarida kasalxonalardagi ahvolni o‘rganish bilan boshlashi qat’iyan belgilandi.
Har bir rahbar bugungi kunda fuqarolarimizning sog‘ligini saqlab qolishdan muhim vazifasi yo‘qligini anglashi shart, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.