TIV RAHBARI O‘RINBOSARI VENADA BMT TUZILMALARI RAHBARLARI BILAN MUZOKARALAR O‘TKAZDI
TOSHKENT, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Vena shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (BMT GMJQKB) ijrochi direktori Gada Vali, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Bosh direktori Rafael Grossi va BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) bosh direktori Li Yong bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, BMT vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga ijobiy baho berdilar. Mamlakatimizda kichik va o‘rta biznes va sanoat sektorini qo‘llab-quvvatlash, aholining turmush sharoiti yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, SOVID-19 pandemiyasi davrida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi.
Gada Vali korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi O‘zbekiston saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. U O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganini olqishladi va uning faoliyatida har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar O‘zbekiston va BMT GMJQKB o‘rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qildilar. BMT GMJQKB rahbari ushbu agentlik va BMT GMJQKB o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashni va hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash va loyihalarni tatbiq etishga donorlik mablag‘larini yo‘naltirish maqsadida xalqaro standartlarga muvofiq respublikada korrupsiyaga qarshi kurash siyosati va strategiyalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Konseptual qaydnoma tayyorlashni taklif qildi.
MAGATE tomonidan O‘zbekiston yadroviy infratuzilmasini rivojlantirishdagi muvaffaqiyatli hamkorlik, xususan, joriy yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan respublikaning yadroviy infratuzilmasini kompleks baholash bo‘yicha missiyaga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish yuqori baholandi.
Agentlik rahbari Rafael Grossi O‘zbekiston yadro dasturining amalga oshirilishi jarayonidan juda mamnunligini hamda yangi yadro davlatlari uchun O‘zbekiston MAGATE bilan munosabatlarni qurish bo‘yicha namuna ekanligini qayd etdi.
MAGATE rahbari texnik kooperatsiya loyihalari doirasida O‘zbekiston bilan, xususan Namangan onkologik dispanseri, Respublika endokrinologiya markazi, Samarqand davlat universiteti va Toshkent shahar onkologiya va radiologiya markazi bilan hamkorlik qilish muhimligini taʼkidladi.
YUNIDO O‘zbekistonni mintaqadagi ulkan resurs, iqtisodiy va insoniy salohiyatga ega bo‘lgan muhim davlat sifatida ko‘radi. Shu munosabat bilan Li Yong respublikada mustahkam sanoat infratuzilmasi, universal va barqaror sanoatlashtirishni taʼminlash uchun sharoitlar yaratilganligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bosh direktor koronavirus pandemiyasidan ziyon ko‘rgan respublika iqtisodiyotining ayrim tarmoqlarini tiklash uchun YUNIDO salohiyatini jalb qilishga yordam berishga tayyorligini izhor etdi.
Sanoatning “toza innovatsiya” va “yashil” texnologiyalar sohasidagi aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning istiqbollari ko‘rib chiqildi, bu esa barqaror sanoat dizayni va brendlash vositalarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishi qayd etildi.
Bundan tashqari, o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan O‘zbekiston va YUNIDO o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiya va 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihalarini tayyorlash jarayoni muhokama qilindi.