O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Turkiya savdo vaziri bilan ikki tomonlama savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi
TOSHKENT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya Respublikasi savdo vaziri Ruxsaroy Pekjan bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Uchrashuvda savdo munosabatlarining joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy sheriklikning strategik ahamiyatga ega ekani va so‘nggi yillarda uning ko‘lami barqaror o‘sib borayotgani alohida taʼkidlandi. Jumladan, 2019 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard AQSH dollarini tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 22,7 foiz o‘sishni ko‘rsatdi.
Tomonlar pandemiya taʼsiriga qaramay, o‘zaro savdo hajmini qisqa muddatda 5 milliard AQSH dollariga yetkazish niyatlarini tasdiqlashdi. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda har ikki mamlakat tegishli idoralarining ekspert va mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitim loyihasini tasdiqlash jarayonini tezlashtirish ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, savdo-iqtisodiy masalalar, jumladan, har ikki mamlakat karantin xizmatlari o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Hamkorlik mamlakatlarimiz hukumatlari o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasida ishlab chiqilayotgan hamkorlik Bitim doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda. Bitim imzolanishi mamlakatlarimiz bozorlariga mahsulot yetkazib berishda o‘zbek va turk tadbirkorlarining xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Muloqot davomida tomonlar transport va logistika sohasida hamkorlikni yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratdi. Uchrashuvda joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahrida Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston temir yo‘l maʼmuriyatlari tomonidan yuk tashish uchun 50 foizdan 70 foizgacha tarif chegirmalarini joriy etish to‘g‘risidagi bayon imzolangani taʼkidlandi. Shuningdek, Turkiya tomoniga mamlakat temir yo‘l maʼmuriyatining ushbu bayonga ehtimoliy qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Shuningdek, Turkiya tomoniga O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-yig‘ilishi chog‘ida mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.
Joriy yilning fevral oyida Turkiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasi»ning bajarilishi alohida ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu hujjatning barcha bandlarini so‘zsiz bajarilishini taʼminlash bo‘yicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va yangi monitoring mexanizmini joriy etishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida kelgusidagi harakatlar rejalashtirildi, ikki mamlakat tashqi iqtisodiy idoralari darajasida o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishni yaxshilash bo‘yicha kelishuvga erishildi.