O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi
TOSHKENT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasining Anqara shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Tomonlar ikki davlat hukumatlari tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan cheklov choralarning iqtisodiyot turli sohalari barqaror rivojlanishiga ko‘rsatayotgan salbiy taʼsirini yumshatish bo‘yicha tadbirlarni, shuningdek, ushbu yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston tomoni COVID-19 pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashda Turkiya strategiyasining yuqori samaradorligini taʼkidladi.
Turkiya tomoniga, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashda bir necha bor ko‘rsatilgan yordam, xususan, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ko‘magida O‘zbekistonga 30 mingta himoya kiyimi va 50 ta o‘pkani sunʼiy shamollatish apparati, Anqara meriyasi tomonidan Toshkent shahar hokimiyatiga taqdim etilgan 250 ming niqob va 5 mingta dezinfeksiya vositasi uchun minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuvda siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalarida ikki tomonlama sheriklikning yuqori darajasi, mamlakatlarimiz manfaatlariga mos keladigan barcha yo‘nalishlardagi hamkorlik ko‘lami yuqori surʼatlar bilan o‘sib borayotgani taʼkidlandi.
Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 19-20 fevral kunlari yuqori darajada bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston – Turkiya» strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi mamlakatlararo hamkorlikning rivojlanishida boshlangan yangi bosqichni ifoda etgani qayd etildi. Ikki davlat umumiy manfaatlari va tashabbuslarini ilgari surish maqsadida yaqin vaqtlarda Strategik rejalashtirish guruhining 2-chi yig‘ilishini va ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazish bo‘yicha fikr almashildi.
Suhbat davomida O‘zbekiston tomoni Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi tomonidan so‘nggi uch yil davomida 147 ta loyihani amalga oshirish doirasida ko‘rsatilgan texnik yordamni yuqori baholadi.
Tomonlar muloqot davomida madaniy-gumanitar sohasida hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratdi. Turkiya keng jamoatchiligini O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtirish maqsadida Anqara va Istanbul shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalari muhokama qilindi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish doirasida tomonlar 14-iyul kuni onlayn shaklida O‘zbekiston Respublikasi Farg‘ona viloyati bilan Turkiya Respublikasining Bursa viloyati o‘rtasida do‘stona aloqalar va hamkorlikni o‘rnatish haqida memorandum imzolangani yuqori baholandi.
Muzokaralar yakunida Turkiya tomoniga tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirildi. Uchrashuv davomida belgilangan yo‘nalishlar doirasida hamkorlikni faollashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.