BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish: COVID-19 davrida shaharlar og‘ir inqirozni boshidan kechirmoqda
TOSHKENT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish «Shahar dunyosidagi COVID-19» mavzusida videomurojaat yo‘lladi. BMT Bosh kotibi o‘z nutqida shahar hayotini tashkil etish usullarini tubdan qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Videomurojaatning asosiy maqsadi sog‘lom turmush tarzi va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Antoniu Guterrish taʼkidlaganidek, shaharlarda COVID-19 epidemiyasining tarqalish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lib, virus bilan kasallanish holatlarining 90 foizini tashkil qilmoqda.
BMT Bosh kotibi fikriga ko‘ra, shaharlar og‘ir inqirozni boshidan kechirmoqda. Ularning aksariyati sog‘liqni saqlash tizimining ishdan chiqishi, suv va sanitariya xizmatlarining yetishmasligi va boshqa muammolarga duch kelmoqda. Pandemiya urbanizatsiya tufayli kuchaygan chuqur tengsizlik, ayniqsa, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan joylarni ko‘rsatib berdi.
«Biz vaboga qarshi kurash va tiklanish yo‘lida o‘z shaharlarimizni inson hayoti, innovatsiyalar va ixtirolar markazlari sifatida qayta quramiz», dedi Antoniu Guterrish.
Bosh kotibning qayd etishicha, masofadan turib ishlash usulining tezkor joriy etilishi jamiyatning tahdidlarga qarshi turish uchun qisqa muddatlarda moslashish mumkinligini ko‘rsatdi. Shaharlarni qayta qurish uchun iqlim o‘zgarishi va ifloslanishi bilan bog‘liq inqirozlarni boshqarishda tezkor va qatʼiy harakatlar qilish zarur.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi qayta tiklash davrida shaharlar barqaror va adolatli rivojlanish markazlari bo‘lishi kerakligi haqidagi g‘oyani ilgari surib, barcha davlatlar yetakchilarini koronavirus inqirozidan chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida shaharlar infratuzilmasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
A.Guterrish hozirgi vaqtda va kelajakdagi pandemiya ehtimoliga moslashish quyidagi uchta yo‘nalishda harakat qilish orqali "shaharlar dunyosini" o‘zgartirish vaqti kelganini bildirdi.
Birinchidan, shaharlar rivojlanishidagi tengsizlikni bartaraf etish va ijtimoiy birlikni taʼminlash zarur. Bunda, avvalo, aholining eng zaif qatlami va ularga eʼtibor qaratish, ularning suv va sanitariya sharoitlaridan foydalanishini taʼminlash taklif etildi.
Ikkinchidan, markaziy va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni talab qiladigan mahalliy boshqaruvni kuchaytirish kerak. Shu bilan birga, maqsadli rag‘batlantirish va yordamning boshqa turlari mahalliy hokimiyat organlarining o‘z hududlarini samarali boshqarish imkoniyatlarini kuchaytirishi lozim.
Uchinchidan, yashil, barqaror va har tomonlama iqtisodiy tiklanish yo‘lini belgilash darkor. Yangi velosiped yo‘laklari va piyodalar uchun zona yaratish jamoat joylarini qayta tiklaydi, harakatchanlik va xavfsizlikni oshiradi, havo sifatini yaxshilaydi. Shu bilan birga, yashil transformatsiyani va ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar uglerod isteʼmolini kamaytirish va barqaror rivojlanishni taʼminlashga yordam beradi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining nutqi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida uzoq vaqtdan beri yechimini kutayotgan urbanizatsiya muammolarini yana bir bor aniq qayd etish imkonini berdi.
Pandemiya hokimiyat idoralaridan shahar infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish, aholi guruhlari o‘rtasidagi turmush darajasini tenglashtirish va inqirozli vaziyatlarga tayyorlikni taʼminlash zarurligini ko‘rsatdi.
Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyodagi qator mamlakatlarda allaqachon shaharlarning yangi qiyofasini yaratish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Transport vositalari soni cheklanmoqda, «yashil orollar» va «sog‘liqni saqlash zonalari» kengaymoqda, sanoat va xizmatlarni rivojlantirish uchun ekologik imtiyozlar joriy etilmoqda.
«Do‘stona va sog‘lom» shahar muhitini shakllantirish, bir tomondan, aholining sog‘lig‘ini yaxshilash uchun muhim shartlardan biriga aylansa, boshqa tomondan «Yashil shahar», «Sport shahri», «Raqamli shahar» kabi loyihalarni amalga oshirish orqali odamlarni ish bilan taʼminlash imkoniyatini oshiradi.