Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruv kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston vakili ishtirok etdi
TOSHKENT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) boshqaruv kengashining videokonferensiya shaklidagi yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Tadbirda bankka aʼzo 82 ta mamlakatdan boshqaruvchilar, bank rahbariyati, xalqaro ekspertlar va boshqa yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin kirish so‘zi bilan ochib berdi va bank aksiyadorlarini taraqqiyotning yangi, ko‘p tomonlama moliyaviy instituti muvaffaqiyatli shakllanishi bilan tabrikladi.
Yillik yig‘ilishining kun tartibidagi asosiy masala OIIB prezidentini saylash bo‘ldi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, amaldagi prezident Szin Lisyun boshqaruv kengashi aʼzolarining bir ovozdan qabul qilingan qaroriga asosan 2021-2025 yillarda bank rahbari etib saylandi.
Shuningdek, yig‘ilish doirasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda global va mintaqaviy iqtisodiyotda ro‘y berayotgan tendensiyalar, COVID-19ning xalqaro iqtisodiy munosabatlarga taʼsiri, pandemiya keltirib chiqargan muammolarni yengishda bankka aʼzo davlatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, korporativ strategiyani tayyorlashning holati muhokama qilindi.
Davra suhbati davomida OIIB faoliyatining qisqa va uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, loyihalarni amalga oshirishda Bank tomonidan multiplikativ samaraga erishish imkonini beradigan tizimli yondashuv qo‘llanilishi zarurligi, shuningdek, OIIBga aʼzo davlatlarda iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda fikr almashib turish lozimligi taʼkidlandi.
OIIB rahbariyati tomonidan bankning 2019-yil yakunlari bo‘yicha hisobоt, shuningdek, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda bankka aʼzo davlatlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobоt taqdim etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilariga 10 milliard AQSH dollar miqdoridagi OIIB «COVID-19 inqirozidan keyin tiklanish» maxsus dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida maʼlumot berildi. Bugungi kunga qadar ushbu dastur doirasida 12 ta mamlakatga moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratildi.
Mazkur dastur bilan sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalariga qariyb 300 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. 10 ta mamlakatni, jumladan, O‘zbekistonni ham qamrab oladigan ushbu loyihalar hozirgi vaqtda ishlab chiqish va maʼqullash bosqichida turibdi.
2019-yilda OIIB tomonidan erishilgan asosiy yutuqlar haqida gapirgan bank rahbariyati to‘qqizta yangi aksiyador-mamlakatlar aʼzolikka qabul qilinganini, mahalliy valyutada moliyalashtirish, kreditni qisman kafolatlash, o‘zgaruvchan spredli kreditlar va mustahkam valyutada kreditlar ajratilishini qamrab oladigan moliyaviy mahsulotlar turlarining kengayganini aytib o‘tdi. Shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan investitsiyalar hajmida 12 foiz o‘sishga erishilgani, qiymati 2,5 milliard AQSH dollarga teng besh yillik obligatsiyalar chiqarilgani taʼkidlandi. Obligatsiyalar chiqarilishi 27 mamlakatdan 90 tadan ko‘proq investorning 4,4 milliard AQSH dollari miqdordagi mablag‘larini jalb etishga imkon berdi.
O‘zbekiston Respublikasidan OIIB boshqaruvchisi, Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov o‘z nutqida jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan vaziyat hukumatlar va taraqqiyot hamkorlaridan milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda qatʼiy hamda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilayotganini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan, hozirgi vaqtda OIIBga aʼzo mamlakatlar va bank tomonidan quyidagi ustuvor sohalar, yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash kerakligi qayd etildi. OIIBga aʼzo mamlakatlarda kasallikni yuqtirgan odamlar uchun o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, infeksiya tarqalishini kamaytirish uchun yetarli darajada zaxiralarni yaratish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, soliq to‘lovlarining muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘larini moliyalashtirish va tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish orqali tadbirkorlik subyektlari va infratuzilmaning barqaror ishlashini qo‘llab-quvvatlash, tashqi savdo va investitsiya oqimlarida paydo bo‘layotgan yangi to‘siqlarning salbiy taʼsirini kamaytirishga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, ijobiy iqtisodiy o‘sish surʼatlarini saqlab qolish uchun uzilgan taʼminot zanjirlarini tiklash orqali rivojlanayotgan mamlakatlarning inqirozdan keyingi davrda ehtimoliy muammo va imkoniyatlarini har tomonlama baholash zarurligi aytildi.
Yig‘ilish davomida, shuningdek, boshqaruv kengashi Liberiya Respublikasining OIIB aksiyadorlari safiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi arizasini maʼqulladi. 2021-yilning 27-28-oktabr kunlariga rejalashtirilgan OIIB boshqaruv kengashining navbatdagi yillik yig‘ilishi Dubay (BAA) shahrida o‘tkazilishi belgilandi.
Maʼlumot uchun, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Osiyo-Tinch okeani mintaqasida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2014-yilning 24 oktabrida tashkil etilgan. O‘zbekiston 2016-yil 29-noyabrda OIIB aʼzo sifatida kirgan. Ayni paytda bank bilan birgalikda suv taʼminoti, suv oqova tizimi, avtomobil yo‘llarini qurish va qayta taʼmirlash, temir yo‘llarni elektrlashtirish, hududlarda bazaviy infratuzilmani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qiymati 2 milliard AQSH dollaridan ziyod qator infratuzilma loyihalari ustida ish olib borilmoqda.