O‘zbekiston vakillari SHHTga aʼzo davlatlar ekspertlari bilan birgalikda videokonferensaloqa shaklida xalqaro axborot xavfsizligi masalalarini muhokama qildi
TOSHKENT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun videokonferensaloqa shaklida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuv davomida ekspertlar SHHTga aʼzo davlatlarning Xalqaro axborot xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti va SHHTga aʼzo davlatlarning kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik dasturini ko‘rib chiqdi.
Taʼkidlash joiz, SHHTga aʼzo davlatlar o‘rtasida kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik dasturini ishlab chiqish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yilning 14 iyunida tashkilotning Bishkek sammitida ilgari surilgan edi.
Ushbu hujjatlar Rossiya Federatsiyasida bo‘ladigan SHHTning navbatdagi sammitida muhokama qilinishi va qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha SHHTga aʼzo davlatlarning ekspertlar guruhi SHHTning doimiy organi bo‘lib, 2006 yildan beri tegishli vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirib kelmoqda.