SHHT Bosh kotibi: “Koronavirus epidemiyasi sharoitida ko‘rsatilayotgan o‘zaro yordam SHHTga aʼzo davlatlar xalqlari do‘stligiga yorqin misol
TOSHKENT, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. "SHHT oilasi" davlatlari Xalqaro do‘stlik kunini keng nishonlashdi, bu nafaqat odamlar, balki xalqlar, mamlakatlar, qitʼalar va turli jamoalar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan.
SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov Xalqaro do‘stlik kunini nishonlash munosabati bilan TASS axborot agentligiga (Rossiya) intervyu berdi va unda quyidagilarni taʼkidladi.
“Xalqaro do‘stlik kunining asosiy g‘oyasi do‘stlikning dolzarbligi va ahamiyatini barcha odamlarga xos bo‘lgan olijanob tuyg‘u ifodasi sifatida tan olishdir”, – dedi V.Norov.
Uning qayd etishicha, ayni paytda dunyo turli muammolarga duch kelmoqda, qashshoqlik va ochlikdan tortib to baʼzi odamlarning boshqalarga nisbatan toqat qilmasligi kabi holatlar shular jumlasidan.
"Shu sababli Xalqaro do‘stlik kuni dunyoning turli mamlakatlaridagi odamlarni ijtimoiy va boshqa muammolarga qarshi birlashishga, bir-birlariga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi", – dedi SHHT Bosh kotibi. Uning taʼkidlashicha, ushbu bayram Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo bo‘lgan mamlakatlarda keng nishonlanmoqda.
– 2007-yilda SHHTga aʼzo davlatlar yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagani biz uchun alohida muhim va ramziy haqiqat bo‘lib, ular o‘zaro do‘stlik aloqalarini xalqlarimizning avloddan-avlodlariga o‘tib, davom etishi uchun mustahkamlashga qaror qilishgan, – deya taʼkidlagan Vladimir Norov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "SHHTga aʼzo davlatlarida umumiy, shu jumladan yangi chaqiriq va tahdidlarning oldini olish bo‘yicha kelishilgan saʼy-harakatlarni, shuningdek, jahon hamjamiyatida munosabatlarni tubdan yangilangan tuzilishini shakllantirishga intilish alohida ahamiyat kasb etadi".
– Yaxshi namuna, – dedi Vladimir Norov, – bu tashkilotning hujjatlarida belgilangan “Shanxay ruhi” bo‘lishi mumkin. Bu o‘z faoliyatining o‘ziga xos jihati bo‘lib, ochiqlik va SHHT mamlakatlari o‘rtasida do‘stlikni o‘zaro hurmat, tenglik tamoyillari asosida, o‘z xalqlarining o‘ziga xos xususiyatlari va qadriyatlarini hisobga olgan holda doimiy ravishda takomillashtirishga intilishini anglatadi. Tashkilot aʼzolari xalqaro siyosat, iqtisodiyot va madaniyatning muhim sohalarida kelajakka yo‘naltirilgan hamkorlikka masʼuliyat bilan yondashmoqdalar.
"Bugun SHHT jahon siyosatining muhim, ajralmas qismiga aylandi, uning global xarakteri tobora ortib bormoqda, SHHT faoliyati keng ko‘lamli ko‘p tarmoqli xarakterga ega bo‘lishda davom etyapti", - dedi V.Norov Rossiya axborot agentligiga bergan intervyusida.
"Shanxay ruhi" tamoyillarini ishlab chiqqan holda, Bosh kotib o‘zaro ishonch, manfaatdorlik, tenglik, madaniyatlarning xilma-xilligini hurmat qilish va birgalikda rivojlanishga intilib, SHHTga aʼzo davlatlar xalqlari va mamlakatlarining yaqinlashishi yo‘lida ish olib borayotganini bildirdi.
SHHTning Sindao sammiti deklaratsiyasida aʼzo davlatlar rahbarlari "SHHT doirasida madaniy aloqalarni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlash, madaniyatlarning xilma-xilligini saqlash va targ‘ib qilishni" davom ettirishga bo‘lgan intilishlarini tasdiqlagan. SHHTning bu boradagi faoliyati do‘st xalqlar o‘rtasida maʼnaviy birdamlik va do‘stlikning ijobiy ravnaq topishida aks etmoqda. Faqat qadimiy tarix, boy va betakror madaniy anʼana va meros, bir-birining urf-odatlari bilan tanishish orqali davlatlar va xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchni shakllantirish, shuningdek, yosh avlodni do‘stlik, boshqa xalqlarning madaniy xususiyatlariga hurmat ruhida tarbiyalashni taʼminlash mumkin.
"Koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda jamoaviy hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning namoyon bo‘lishi SHHTga aʼzo davlatlar xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin namunasidir", - dedi Vladimir Norov intervyu yakunida.