Janubiy Koreyadagi vatandoshlar O‘zbekiston hududlarini rivojlantirish uchun sarmoya kiritishga tayyor
SEUL, 3 avgust. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi vakillari Kimxe va Pusan shaharlariga tashrif buyurib, bir guruh vatandoshlar bilan uchrashuvlar chog‘ida ularning O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rgandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.
Mazkur uchrashuv davlatimiz rahbarining chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning imkoniyatlaridan mamlakat taraqqiyoti uchun faol foydalanish to‘g‘risidagi tashabbusini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Muloqot davomida yurtdoshlarimizga mamlakatimiz rahbariyati tomonidan fuqarolarimiz imkoniyatlaridan investitsiya va intellektual nuqtai nazardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklarning mamlakatimizdagi yangilanish jarayonidagi ishtirokini faollashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Suhbatda Janubiy Koreyada yashayotgan vatandoshlar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi. Ular mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar uchun yangi ish o‘rni yaratishga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini qayd etdi.
Elchixona tashabbusi bilan 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatimizda amalga oshirilishi belgilangan yangi ish o‘rinlari yaratish loyihalarida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Ular ushbu maqsadlar uchun 1,5 million dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirishlarini ma’lum qilishdi. Ular takliflari elchixona tomonidan tuzilgan «Oltin kitob» ga kiritildi. Shu tariqa 60 dan ortiq vatandosh tomonidan jalb qilingan investitsiyalar umumiy hajmi 8 million dollardan oshdi.
Uchrashuvlar yakunida vatandoshlar biznes loyihalarini o‘rganish va kelgusida amalga oshirish uchun mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralariga yuborildi.