Janubiy Koreya kopaniyasi Quvasoy shahrining issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilishda ishtirok etadi
SEUL, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari M.Abdurahmonov va «Hyundai Энгинеэринг Со., Ltd.» kompaniyasi katta vitse-prezidenti Xa Chong Xyun hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi qoshidagi Koreya-O‘zbekiston biznes uyushmasining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Muzokaralar davomida Quvasoy shahrining issiqlik taʼminoti tizimini kogeneratsion texnologiyalarni joriy etish orqali modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu loyiha bo‘yicha muhokamalar Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyevning joriy yil iyul oyida Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida boshlangan, shuningdek, «Hyundai Энгинеэринг Со., Ltd.» kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilgan edi.
Tomonlar Quvasoy GESning hozirgi holati, uni rekonstruksiya qilish yoki yangi obyektni qurish istiqbollari, shuningdek, loyihalarni moliyalashtirishni chuqur o‘rganish bo‘yicha maʼlumot almashdi.
Xa Chong Xyun «Hyundai Энгинеэринг Со., Ltd.» kompaniyasi mazkur loyihaga qiziqish bildirayotganini tasdiqladi. U, shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida kompaniya mutaxassislarini Farg‘ona viloyatiga masʼul rahbarlar bilan uchrashish va obyekt bilan tanishish uchun yuborishga tayyorligini maʼlum qildi. Shuningdek, Janubiy Koreya tomoni ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashni taklif qildi.
Muzokaralar natijasida muhokamalar va maʼlumot almashishni davom ettirish, shuningdek, «Hyundai Энгинеэринг Со., Ltd.» kompaniyasi mutaxssislari tadqiqotidan so‘ng Quvasoy shahrining issiqlik taʼminoti tizimlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatni imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.