Toshkentda Respublika bolalar tibbiy markazini yaqin muddatlarda ishga tushirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, «Samsung C&T» va «Iljin Engineering and Construction» rahbariyati ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo, sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ul rahbarlari, «Samsung C&T» vakolatxonasi mutaxassislari va Respublika bolalar tibbiy markazi direktori qatnashdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston poytaxtidagi Respublika bolalar tibbiy markazida tibbiy jihozlarni o‘rnatish bo‘yicha ishlarni yaqin qisqa muddatda yakunlash masalasi muhokama qilindi.
Sog‘liqni saqlash vaziri ushbu loyiha O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik timsoliga aylanganini va ushbu markaz Markaziy Osiyoda yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan noyob pediatriya muassasasi ekanini ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil may oyida ushbu ob’ektga shaxsan tashrif buyurgan va markaz O‘zbekistonning milliy boyligiga aylanishini qayd etgan edi.
«Samsung C&T» kompaniyasi vitse-prezidenti Li Bom Sunning ta’kidlashicha, uning kompaniyasi va loyiha sheriklari Toshkentdagi Respublika bolalar tibbiy markazini ishga tushirish uchun jihozlar bilan ta’minlash ishlarini tizimli ravishda amalga oshirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab davom etayotgan koronavirus pandemiyasini hisobga olgan holda, zarur uskunalarni yetkazib berish va o‘rnatish jadvali, shuningdek, tegishli mutaxassislarning tashrifi vaqti qayta ko‘rib chiqilgan. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi yordamida loyihani to‘liq amalga oshirish uchun barcha tashkiliy ishlar hal qilindi.
Muzokaralar natijasida jadvalga ko‘ra, ishlarni kelishuvga binoan tugatish bo‘yicha Janubiy Koreya tomonidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishildi.