Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasiga O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining to‘liq nashri taqdim etildi
SEUL, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida yaqinda tashkil etilgan jamoat tashkiloti – Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi boshqaruv hayʼati aʼzolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda uyushma faoliyatini samarali tashkil etish, ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan yoki boshqa maqsadlarda bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz ishirokida turli tadbirlar tashkil qilish, ularga maslahat va ko‘mak berish, boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Muloqot davomida, shuningdek, Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi faoliyatini muntazam qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashildi. Bu borada dastlabki qadam sifatida tashkilotga 12 jilddan iborat O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining to‘liq nashri taqdim etildi.
O‘z navbatida, uyushma boshqaruv aʼzolari mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasiga minnatdorlik izhor etib, kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da faollashtirish istagini bildirdi.