O‘zbekiston va Janubiy Koreya bojxona organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
SEUL, 24 noyabr. /«Dunyo» AA/. Bugun mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va Koreya Respublikasi bojxona xizmati mutaxassislari o‘rtasida idoralararo aloqalarni yanada faollashtirishga bag‘ishlangan videokonferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Videokonferensiya doirasida tomonlar ikki mamlakat bojxona organlarining tuzilmalari, faoliyati va vazifalari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazdi. Bojxona sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi hamda eng dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha tajriba almashdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini hisobga olgan holda, Janubiy Koreya vakillari bojxona sohasidagi hamkorlikning dolzarbligini ta’kidladi. Bundan keyin ham muntazam ravishda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, shu jumladan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etish, bojxona sohasining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, Sovid-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishi bilan bojxona xizmatlari faoliyati bilan tanishish maqsadida mutaxassislarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar videokonferensiya bojxona xizmatlarining idoralararo hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga ko‘mak bergani va o‘zaro muloqot samarali o‘tganini qayd etdi.