O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari COVID-19 oqibatlarini bartaraf etish va koviddan keyingi davrda bilimlar bilan almashish bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi va so‘zga chiqdi
TOSHKENT, 25 noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 24 noyabr kuni videokonferensaloqa shaklida Koreya Respublikasi “Knowledge Sharing Program” (KSP) bilimlar bilan almashish dasturi doirasida COVID-19 oqibatlarini bartaraf etish va koviddan keyingi davrda bilimlar bilan almashish bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.
Tadbir Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Koreya taraqqiyot instituti, Koreya Eksimbanki, Koreya savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi tomonidan tashkil etildi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Koreya Respublikasi iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Kim Yongbom, Koreya taraqqiyot instituti prezidenti Choy Djong Pyo hamda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Massachusets texnologiya instituti professori Ester Dyuflo so‘zga chiqdi.
Tadbir davomida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, koviddan keyingi davrda ko‘p qirrali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Anjuman davomida yalpi majlis tashkil etilib, unda Koreyaning tegishli idora, tashkilot va institutlar vakillari koviddan keyingi davrda xalqaro tashkilotlarning ko‘p tomonlama hamkorligi bo‘yicha yangi strategiyani taqdim etdilar va samarali amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda KSP dasturining rolini oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Tadbir davomida shuningdek, nafaqat Koreyada, balki Vetnam va Indoneziya kabi qo‘shni mamlakatlarda ham yaxshi natijalarni ko‘rsatgan institutsional va boshqaruv salohiyatini mustahkamlash va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan pandemiyaning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Pandemiyaning tarqalishiga qarshi kurash, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish va iqtisodiy faoliyatni tiklash doirasida masalalar va muammolarni hal etish uchun xalqaro darajada o‘zaro muvofiqlashtirilgan yaqin hamkorlik qilish zarurligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan konferensiya ishtirokchilari sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro tajriba almashish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga qiziqish hamda inqirozdan keyingi davrda xalqaro tashkilotlarning ko‘p tomonlama hamkorligi bo‘yicha kompleks strategiyani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Ma’lumot uchun: “Knowledge Sharing Program”ning maqsadi Koreyadagi yetakchi davlat tashkilotlari tomonidan iqtisodiyot va sanoatning turli tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha beg‘araz asosda maslahatlar berishdan iborat.
O‘zbekiston ushbu dastur doirasida Koreya bilan 2004 yildan buyon hamkorlik qilib kelayapti. Hamkorlik boshlangandan buyon barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, savdo-sotiqni faollashtirish, energetika sohasini rivojlantirish, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarini mustahkamlash borasida 19 loyiha amalga oshirildi.