Elektron raqamli imzo kaliti (ERI) rasmiylashtirsh tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 iyuldagi 413-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo (keyingi o‘rinlarda – ERI) berish tartibi tasdiqlandi.
ERI kalitini ro‘yxatdan o‘tkazish va ERI kalitining sertifikatini olish uchun talabgor konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlar bilan bevosita murojaat qiladi:
shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asli (konsullik muassasasi mansabdor shaxsi tomonidan tekshiriladi va talabgorga qaytarib beriladi);
jismoniy shaxslar uchun — O‘zbekiston Respublikasida olingan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxsning to‘liq nomi va soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami qayd etilgan notarial tasdiqlangan yuridik shaxs xati;
belgilangan miqdorda konsullik yig‘imi va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im to‘langanligi to‘g‘risida kvitansiya.
Agar ERI yopiq kaliti egasi yuridik shaxsning vakili (yuridik shaxsning rahbari bundan mustasno) bo‘lsa, so‘rovnomaga ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatilgan hamda ushbu ERI yopiq kaliti egasiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini berish to‘g‘risida yuridik shaxsning xati (notarial tasdiqlangan ishonchnoma) ilova qilinadi.
Konsullik muassasasi tomonidan ERI kaliti sertifikatini olish uchun talabgordan hujjatlarni qabul qilmaslikka quyidagilar asos bo‘ladi:
hujjatlarning to‘liq taqdim etilmaganligi;
qalbaki hujjatlar taqdim etilganligi;
ERI kalitining sertifikatini berish uchun konsullik yig‘imi va haqiqiy xarajatlar o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im to‘liq amalga oshirilmaganligi.
Xorijdagi konsullik muassasalari orqali ERI rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 24-dekabrdagi PQ-2095-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Konsullik yig‘imlari tarifida belgilangan miqdorda konsullik yig‘imlari, shuningdek, konsullik harakatlarini amalga oshirilganlik bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undiriladi.
O‘zbekiston fuqarolari, chet el jismoniy va yuridk shaxslari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistonnig Koreya Respublikasidagi Elchixonasi konsullik bo‘limi orqali ERI rasmiylashtirish uchun https://e-navbat.mfa.uz/texnolog/view?id=326 sahifasi orqali elektron navbatga yozilishlari mumkin.