O‘zbekistonda Prezident universiteti tashkil etiladi
O‘zbekistonda Prezident universiteti tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida aytilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, xalqaro standartlar va milliy an'analar uyg‘unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlovchi, yetakchi ta'lim va ilm-fan markazi - Prezident universitetini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, oliy ta'lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
oliy ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari, shuningdek investitsiyalarni jalb qilgan holda nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish orqali oliy ta'limda raqobat muhitini yaratish;
oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli parametrlarini Investitsiya dasturlari, hududiy va tarmoq dasturlari, vasiylik kengashlari talablari, jahon miqyosidagi texnologik o‘zgarishlarni inobatga olgan holda shakllantirish, ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, bunda STEAM yo‘nalishlarini (aniq fanlar, texnologiya, injiniring, ijodiy san'at va matematika) rivojlantirishga alohida e'tibor qaratish.
Kun.uz